Sentabrda o‘qish onlayn bo‘ladimi - Shermatov javobi

Ta’kidlanishicha, maktab boshlangan taqdirda ham, darslar televidenie orqali qo‘yilaveradi. Bundan maqsad, uzoq hududlarga sifatli darslar orqali qo‘shimcha yordam berish, degan Shermatov.
Sputnik

TOShKENT, 9-iyul - Sputnik. Bugun, 9-iyul kuni "Karantin davrida ta’lim tizimidagi cheklovlar, qabul jarayonlari va sohaga oid boshqa o‘zgarishlar" mavzusiga bag‘ishlangan brifingda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 1-sinflarga ta’lim berish qanday yo‘lga qo‘yiladi, degan savolga aniqlik kiritib o‘tdi.

"Avvalo, darslar onlayn bo‘lishi to‘g‘risida rasman ma’lumot berildimi?! Yaxshi niyat qilaylik, virusdan qutulaylik. Boshlang‘ich ta’limda dunyo miqyosida onlayn maktab tajribaschi o‘zini oqlasa, allaqachon shu tizimga o‘tilardi. Onlayn tizim bo‘lmasin. Hozirgi holatdan ko‘rinib turibdiki, sentabrga kelib, vaziyat yengillashsa, onlayn darslar bo‘lmaydi", - degan Shermatov.

Ta’kidlanishicha, bola maktabda bo‘lganda ham, darslar televidenie orqali qo‘yilaveradi. Bundan maqsad, uzoq hududlarga sifatli darslar orqali qo‘shimcha yordam berish, degan vazir.