TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston bilan chegaradagi “Jibek joli” – “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida to‘plangan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Qayd etilishicha, texnik sabablarga ko‘ra so‘nggi kunlarda vatandoshlarning davlatlararo chegaradan o‘tishlari cheklangan miqdorda amalga oshirilgan.
“Jibek joli” o‘tkazish punkti orqali respublika fuqarolarining O‘zbekiston hududiga cheklangan holda kirishi bilan bog‘liq barcha muammolar tez muddatda hal qilinadi”, - deyilgan xabarda.
Xabarda yozilishicha, bosh konsulxona xodimlari nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lib turishibdi, vatandoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Diaspora vakillari bilan birgalikda issiq ovqat va boshqa yordam tashkil qilinmoqda va vaziyat umumiy nazoratga olingan.
TIV 1-iyuldan buyon 2700 dan oshiq vatandoshlar, asosan kasallar, qariyalar, homiladorlar va yosh bolali ayollar O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi “Jibek joli” chegara punkti yaqinida uch ming nafar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari to‘plangani xabar qilingan edi.