Maktablarda “Tarbiya” fani joriy etiladi

“Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda “Tarbiya” fani joriy etiladi.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori qabul qilindi.

Norinda maktab o‘quvchisi mashinada uch ayolni urib yubordi: qurbon bor

Qarorga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda “Tarbiya” fani  1–9-sinflarda – 2020/2021 o‘quv yilidan, 10–11-sinflarda esa 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab fanlarga ajratilgan umumiy soatlar doirasida bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

“Tarbiya” fanidan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar yangi o‘quv yili boshlangunga qadar chop etilib, joylarga yetkaziladi.

2020 yil iyul oyidan boshlab yangi o‘quv yili boshlangunga qadar umumta’lim maktablaridagi “Boshlang‘ich ta’lim”, “Milliy g‘oya va huquq”, “Tarix” va “Dinshunoslik” mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari uchun xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida “Tarbiya” fanidan onlayn shaklda maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

“Tarbiya” fanidan darsliklar va o‘quv majmualarini xarid qilish va yetkazib berish xarajatlari respublika budjeti va xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun “Tarbiya” fani konsepsiyasi tasdiqlandi.