Britaniya "qul-maymunlar" mehnati orqali olingan tovarlardan voz kechdi

Ushbu holatlar aniqlangach, Buyuk Britaniyadagi qator supermarketlar, shu jumladan, Waitrose, Ocado, Co-op va Boots maymunlar qullik mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlarni sotishan bosh tortishlarini ma’lum qilishgan.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyul - Sputnik. Buyuk Britaniyaning qator yirik supermarketlari maymunlarning "qullik" mehnati mahsuli bo‘lgan tovarlarni do‘konlar rastalaridan olib tashlashga qaror qildi. Bu haqda Telegraph gazetasi Hayvonlar huquqlar uchun kurashuvchi xalqaro tashkilot (PETA) osiyo bo‘limiga tayangan holda xabar bermoqda.

Maymunchalar smartfondan foydalanishni o‘rgandi – kulgili video

PETA hayvonot dunyosi himoyachilari o‘tkazgan tadqiqotlar davomida, Tailandda cho‘chqadumli yovvoyi makakalardan daraxtlardan kokoslarni terib olishda foydalanilgani aniqlandi. Jonivorlar qochib ketmasligi uchun eski shinalarga zanjirband qilingan yoki tor kataklarda saqlangan. Kataklar maymunlar tanasi kattaligida bo‘lib, bundan tashqari, tishlamasligi uchun jonivorlarning tishlari ham uzib tashlangan.

Ushbu holatlar aniqlangach, Buyuk Britaniyadagi qator supermarketlar, shu jumladan, Waitrose, Ocado, Co-op va Boots maymunlar qullik mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlarni sotishdan bosh tortishlarini ma’lum qilganlar.

"Waitrose & Partners" PETAning kokos sanoatida maymunlar mehnatidan foydalanish holatiga chek qo‘yish bo‘yicha maqsadini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

"Hayvonlar muhofazasi bo‘yicha olib boradigan siyosatimiz doirasida shu paytdan e’tiboran maymun mehnati orqali olinadigan mahsulotlarni sotmaslik majburiyatini olamiz", - degan kompaniya menejeri Jon Gregson.