Moskvada Habib Nurmagomedovning otasi vafot etdi

Moskvada rossiyalik UFC jangchisi Habib Nurmagomedovning otasi – Abdulmannop Nurmagomedov vafot etdi. Bu haqda Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi.
Sputnik

TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Moskvada UFC jangchisi Habib Nurmagomedovning otasi – Abdulmannop Nurmagomedov vafot etdi. Bu haqda Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanali orqali ma’lum qildi.

OAV: Xabib Nurmagomedovning otasi komada

"Do‘stlar, menga Abdulmannop Nurmagomedov dunyoni tark etgani haqida qayg‘uli xabar yetib keldi. Chechen xalqi nomidan Abdulmannop Magomedovichning oilasiga hamdardlik bildiraman", - deb yozgan Qodirov.

So‘nggi haftalarda Nurmagomedovning otasi og‘ir ahvolda Moskva shifoxonalaridan birining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgandi.

May oyi boshida Abdulmannop Nurmagomedov Maxachkaladan Moskva kasalxonasiga yotqizish uchun maxsus bortda olib kelingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Abdulmannop Nurmagomedov koronavirus testidan o‘tgan, ammo tahlil natijalari ommaga e’lon qilinmagandi.

14 may kuni esa Abdulmannop Nurmagomedov insultni boshdan kechirgani va koma holatiga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Abdulmannop Nurmagomedov 57 yoshda edi. U Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy va nafaqat o‘g‘li, balki bir qator mashhur rossiyalik UFC jangchilari bilan ishlagan.