Qozog‘iston koronavirus tufayli yana qat’iy cheklovlar joriy etadi

Epidemiologik vaziyat yomonlashgani tufayli Qozog‘iston hukumati 5-iyuldan qo‘shimcha karantin cheklov choralarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Sputnik

TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. Qozog‘iston hukumati respublikada epidemiologik vaziyat yomonlashgani tufayli 5-iyuldan 14 kunlik qo‘shimcha karantin cheklov choralarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Karantin joriy etish to‘g‘risida qaror prezident Qosim-Jomart Toqayev topshirig‘iga muvofiq bosh vazir Asqar Mamin raisligidagi davlat komissiyasi yig‘ilishida qabul qilindi.

Qozog‘istonda COVID-19ni yuqtirish holati 40 mingdan oshdi

Unga ko‘ra Qozog‘istonda ikki hafta davomida ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi. Go‘zallik salonlari, yopiq bozorlar, diniy muassasalar, maktabgacha ta’lim muassasalari, savdo markazlari va boshqa qator obyektlar faoliyati to‘xtatiladi. Shuningdek, odamlarning harakatlanishi cheklanadi. Xususan, uch nafardan ortiq odam birgalikda ko‘cha va xiyobonlarda yurishi, yoshi 65 dan oshganlarning ko‘chaga chiqishi cheklanadi. Viloyatlararo yo‘lovchi transport harakati to‘xtatiladi. Jamoat transporti faoliyati vaqt bilan chegaralanadi.

Ta’kidlanishicha, karantin cheklovlari zaruriyat paydo bo‘lsa, uzaytirilishi yoki yanada qat’iylashtirilishi mumkin.

Qozog‘iston koronavirus sabab joriy etilgan cheklovlarni 11-may kuni bekor qilgan edi. O‘shandan buyon koronavirus bilan kasallanish 7 baravarga ko‘paydi.

So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus bilan  bog‘liq 42,5 mingdan (jumladan, rasmiy statistikaga kiritilmaydigan kasallik alomatsiz kechayotgan bemorlar) ziyod holat qayd etilgan. 14 mingdan ziyod kishi kasallikni yenggan. 188 kishi esa virus qurboniga aylangan. Bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatgich.