O‘zbekistonda 23-bemor koronavirusdan vafot etdi

O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan 23-bemor vafot etdi. Vafot etgan ayol Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusdan yana bir bemor vafot etdi. Bu virusning 23-qurboni. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, 1962-yilda tug‘ilgan M.S. koronavirus infeksiyasida gumonlanib, 21-iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan.

O‘zbekistonda bir kunda ikki bemor koronavirusdan vafot etdi

U “Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, semizlik 3-darajasi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi. Nafas yetishmovchiligi 3-daraja” tashxisi bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Bemor (ayol) bundan avval, so‘nggi 8-yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, arterial gipertoniya, yurak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Biroq u muolajalariga qaramasdan o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.