AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekistonga tashrif buyuradi

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Pokiston, Qatar va O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Sputnik

TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Pokiston, Qatar va O‘zbekistonga tashrif buyuradi va Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini muhokama qiladi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti xabar qilmoqda.

“Uchala joyda ham maxsus vakil Xalilzod barcha afg‘onlarning afg‘onlararo muzokaralar arafasida qolgan majburiyatlarni bajarishini, ayniqsa, zo‘ravonlikni kamaytirish va mahbuslarni o‘z vaqtida ozod qilishni qo‘llab-quvvatlashga chorlaydi”, - deyilgan xabarda.

Bundan tashqari, u videoaloqa rejimi orqali Afg‘oniston rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Kamilov va Zalmay Xalilzod Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi

Safar davomida Xalilzodga AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi rahbari Adam Boler hamrohlik qiladi.

“Delegatsiya Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish va mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun bir qator sohalarda sarmoya kiritish imkoniyatlari hamda hamkorlikni o‘rganadi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va “Tolibon”* radikal harakati 29-fevral kuni Qatarda tinchlik bitimini imzoladi. Bitim Afg‘onistondan amerika qo‘shinlari chiqarilishini hamda afg‘onlararo muloqot boshlanganligini nazarda tutadi.

Shuningdek, Kobul 5 ming nafargacha mahbus toliblarni, toliblar esa ming nafargacha afg‘on harbiylarini ozod qilishi kerak.

* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkilot