TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko mamlakat COVID-19ga qarshi vaksina va test tizimlarni jahon bozoriga yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u “Global maqsad – kelajak uchun birlashamiz” onlayn sammitdagi chiqishi davomida so‘z yuritdi.
Murashko Rossiya pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab Yevropa, Afrika va turli xalqaro tashkilot, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yordam ko‘rsatib kelayotganini eslatdi.
“Pandemiyaning ikkinchi to‘lqini xatarini inobatga olgan holda Rossiya jahon bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri virusga qarshi, jumladan, davolash uchun dorilar, test tizim va vaksina vositalarini yetkazib berishga tayyor”, - deya Murashko so‘zlaridan keltiradi RIA Novosti.
Rossiya vaziri Moskva xalqaro tashkilotlar bilan muloqot qilishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi vaksinaning klinik tadqiqotlari Moskva shahridagi ikkita tibbiyot muassasada ko‘ngillilar guruhida o‘tkazilmoqda. Iyul oxiriga qadar ularni yakunlash rejalashtirilmoqda.