Dunyo miqyosida tanilgan o‘zbek olimi vafot etdi

Atoqli o‘zbek yozuvchisi Oybekning o‘g‘li, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida olamdan o‘tdi. U biofizikaning O‘zbekistondagi asoschilaridan biri sanaladi.
Sputnik

TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Toshmuhamedov biofizikaning O‘zbekistondagi asoschilaridan biri, dunyo miqyosida tanilgan yirik olim sanaladi.

“Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Bekjon Toshmuxamedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, - deyilgan xabarda

Bekjon Toshmuhamedov 1935-yil 27-yanvarda Toshkentda yozuvchi Oybek xonadonida tug‘ilgan. 1958-yilda Moskva davlat universitetini tamomlagan. Toshkent davlat universitetida kichik ilmiy xodim, biokimyo va biofizika kafedrasi dotsenti, O‘zbekiston FA yadro fizikasi va biokimyo instituti biofizika laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishlagan.

Dunyo miqyosida tanilgan o‘zbek olimi vafot etdi

Shuningdek, u ToshDU biofizika va atrof-muhit muhofazasi kafedrasi mudiri, O‘zbekiston FA Fiziologiya institutida direktor, bo‘lim boshlig‘i, Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, O‘zbekiston FA Prezidiumi a’zosi bo‘lgan.

Asosiy ilmiy ishlari biologik membranalarning hosil bo‘lishi va ularning boshqaruvchanlik roli, toksinlar, gormonlar, pestitsidlar, feromonlar, defoliantlar va boshqa biologik faol moddalarning membranaga ta’sir qilish mexanizmini o‘rganishga oid.

U Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Peruda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Biologiya va biofizika bo‘yicha xalqaro anjumanlarda qatnashgan.

Bekjon Toshmuhamedov YuNESKO qoshidagi “Inson va biosfera” milliy komiteti raisi (1998), “O‘zbekiston biologiya jurnali” bosh muharriri (1996 yildan) bo‘lgan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).

Bekjon Toshmuhamedov 300 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. U 20 dan ortiq fan doktorlari va 40 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan.