Moskvadagi G‘alaba paradida qaysi davlatlar rahbarlari ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi

Buyuk G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlangan paradda ishtirok etish uchun Moskvaga 10dan ortiq davlat rahbarlari yetib kelishadi.
Sputnik

TOShKENT, 23-iyun - Sputnik. Moskvada ertaga 24-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradini tomosha qilish uchun ko‘plab nufuzli mehmonlar taklif etilgan edi. Bugun Kreml ma’muriyati kimlar ushbu tantanalarda ishtirok etishini ma’lum qildi. 

Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradiga Belarus, O‘zbekiston, Bosniya va Gersogovina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Serbiya, Janubiy Osetiya va Abxaziya rahbarlari ishtirok etishadi", - dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 

Paradda shuningdek, MDH ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi Mixail Masnikovich hamda KXShT bosh kotibi Stanislav Zas ham ishtirok etishi alohida ta’kidlandi.

G‘alaba paradi: Mirziyoyev Moskvada o‘tkaziladigan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi

Sobiq Ittifoq respublikalaridan Armaniston, Ukraina, Latviya, Turkmaniston, Litva, Estoniya, Gruziya G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlangan Paradga kelmasliklarini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bu yil Rossiya va MDH davlatlarida Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75-yilligi tantanali nishonlanmoqda. Yil boshida dunyoda tarqalgan koronavirus pandemiyasi ushbu paradni 9-may kuni o‘tkazishga xalal bergan edi. Shundan so‘ng, Rossiya rahbariyati G‘alaba paradini 24-iyunga ko‘chirdi.

1945 yilda aynan 24-iyun kuni Moskvada G‘alaba paradi bo‘lib o‘tgan, unda eng ilg‘or askarlar ishtirok etgan edi. Butun dunyoga mashhur bo‘lgan quyidagi fotosurat aynan 1945 24-iyun kuni o‘tkazilgan G‘alaba paradida suratga olingan.

Moskvadagi G‘alaba paradida qaysi davlatlar rahbarlari ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi