TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Toshkent viloyatida besh kunda haydovchilardan 70 ga yaqin pichoq va boshqa turdagi jismlar rasmiylashtirib olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda yozilishicha, viloyat IIBB YPX inspektorlari 5 kun davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida tadbir o‘tkazishgan va 500 ga yaqin avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirishgan.
Ularning 64 tasidan turli xil pichoqlar va o‘tkir tig‘li jismlar borligi aniqlangan. So‘ngra belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun hududiy ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan.
Ta’kidlanishicha, fuqarolarning aksariyati go‘yoki “o‘zining xavfsizligini ta’minlash uchun” pichoq olib yurganligini aytayotgan bo‘lsa, ayrimlari pichoq va jismlarni avtomobilida nima uchun olib yurganligini izohlab ham bera olmaydi.