O‘zbekiston 1925-yilgi Jeneva protokoliga qo‘shiladi

Senat zaharli gazlar, bakteriologik qurollarni urushda qo‘llash to‘g‘risidagi Jeneva protokolini ratifikatsiya qiluvchi qonunni ma’qulladi.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyun - Sputnik. Bugun bo‘lib o‘tgan Senatning beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jeneva, 1925-yil 17-iyun) qo‘shilishi haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Senat a’zolari mazkur Qonunning qabul qilinishi respublika mudofaa sohasining samarali tizimini ta’minlash hamda uni rivojlantirish alohida o‘rin egallashini, qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lishini ta’kidlashdi.

Shuningdek, mazkur Protokolga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi milliy qonunchilik meyorlariga mos kelishi hamda qonunlar bilan muomalaga kiritilgan xalqaro shartnomalar talablariga zid kelmasligi qayd etildi.

Ushbu Protokol 1972-yilning 10-aprel kuni Moskva, London va Vashington shaharlarida imzolangan bakteriologik (biologik) va toksik qurollar zaxirasini yig‘ish, ishlab chiqish va ishlab chiqarishni taqiqlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi Konvensiya talablarini mustahkamlovchi hamda to‘ldiruvchi hujjat hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu Jeneva protokoliga dunyoning 142 ta davlati, MDH mamlakatlaridan Armaniston, Moldaviya, Rossiya, Tojikiston, Ukraina hamda Qirg‘iziston qo‘shilgan.