TOShKENT, 19-iyun - Sputnik. Senatning bugun bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Tanzila Narbayeva bolalar tarbiyasi masalasida ota-onalarga murojaat qildi.
Senat raisi aytishiga qaraganda bugungi kundan farzandining arzimagan shikoyati uchun maktabga yugurib kelib o‘qituvchiga “tashlanish”dan uyalmaydigan ota-onalar ko‘payib ketgan.
"O‘qituvchi o‘quvchi yoki uning ota-onasi tomonidan oyoqosti qilinadigan odam emas, balki ziyo tarqatuvchi inson, kerak bo‘lsa hammadan bir pog‘ona yuqori turuvchi shaxsdir. Albatta, qonunda javobgarlik belgilab qo‘yish bilan bu kabi muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Bu ijtimoiy ong darajasiga yetishi, umummilliy harakatga aylanishi kerak", - dedi Narbayeva.
Shu o‘rinda senat raisi buyuk alloma Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlarini hamda xalqning “Eti sizniki, suyagi bizniki”, degan gaplarni xam keltirib o‘tdi.
Narbayeva ushbu hikmatli so‘zlarning dolzarbligi bugungi kunda yanada oshganini ta’kidlab o‘tdi.
"Hurmatli ota-onalarga murojaat qilmoqchiman: farzandim hayotda o‘z o‘rnini topishda qiynalmasin, mustaqil fikrli, mulohazali inson bo‘lib voyaga yetsin desangiz bolangiz qalbida o‘qituvchiga ehtirom hissini tarbiyalang va o‘zingiz ham ustozlarni e’zozlang", - dedi Senat raisi.