ShHT doirasida harbiy o‘quvlar o‘tkazish bo‘yicha Bishkek bayonnomasini ma’qullandi

Bishkek bayonnomasiga qo‘shilish ShHT doirasida o‘zaro harbiy-texnikaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma tadbirlar amalga oshirish va kadrlar tayyorlash maqsadlariga xizmat qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyun - Sputnik. Bugun bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Senatining beshinchi yalpi majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019-yil 29-aprel) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qulladi.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi - ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, tomonlarning harbiy xavfsizligini ta’minlash, o‘z Qurolli Kuchlarining harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi, - deyilgan xabarda.

Shu bilan birga, Bayonnoma ShHT a’zosi bo‘lgan istalgan davlat unga qo‘shilishi uchun ochiqligi, qo‘shilgan davlat uchun ushbu Bitim depozitariy tomonidan qo‘shilish haqida hujjat olingan sanadan boshlab 30 kun ichida kuchga kirishi kabi yangi o‘zgartishlarni o‘z ichiga olgan,  deyilgan xabarda.