Haj safariga bormaydigan davlatlar soni oshmoqda

Ziyoratchilarning aksariyati keksalar ekanini va epidemiya sharoitida ularning sog‘lig‘ini saqlash mushkulligi hisobga olgan holda o‘ndan ortiq musulmon davlatlari haj safaridan voz kechmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. Ushbu yilga Haj mavsumini tashkil qilish borasida Saudiya Arabistoni shu vaqtga qadar o‘zining yakuniy qarorini e’lon qilmadi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi.

"Lekin o‘nga yaqin musulmon davlatlari o‘z fuqarolari uchun bu yilgi Haj safarini bekor qildi. Shulardan biri – eng yirik musulmon aholiga ega bo‘lgan Indoneziya bo‘lsa, qolganlari Malayziya, Senegal, Nigeriya va Singapur, Hindiston hamda Yevropa va Janubiy-Sharqiy Osiyoning ba’zi mamlakatlari o‘z ziyoratchilarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida «Haj–2020» mavsumini tashkil qilmaslik haqida qaror qabul qildilar", - deyilgan xabarda. 

Saudiya Arabistoni xulosasini kutib o‘tirmasdan bunday qaror qabul qilishda musulmon davlatlari birinchi navbatda o‘z fuqarolari sog‘ligi haqida g‘amxo‘rlik qilishi bo‘lgan. Chunki epidemiya sharoitida ziyoratchilarning sog‘lig‘ini saqlash mushkulligi hamda hajga boradiganlarning aksari keksalar bo‘lgani va ular kasallikka chalinish ehtimoli juda yuqori.

Ta’kidlash lozimki, Saudiya Arabistonida ayni vaqtdagi epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda, shu jumladan koronavirusga chalingan bemorlar sonining ortib borayotgani, har kuni o‘rtacha 3800-4500 nafar kishida koronavirus aniqlanayotgani va 40-45 ta o‘lim holati qayd etilayotgani haj safarini tashkil etish masalasida har bir davlatni chuqur o‘ylantirib qo‘ymoqda.