Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida koronavirus aniqlandi

Bugun ayni paytga qadar kasallik aniqlangan 15 nafar bemordan 9 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan. Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyun — Sputnik. 17-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 5 nafar, Buxoro viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida ham 3 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekistonda koronavirus: 17-iyun asosiy xabarlari

Jumladan, Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida, Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda (ikkalasida ham tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq kuzatilganligi sababli o‘zlari borib namuna topshirgan), “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJning 2 nafar mutaxassisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisi va uning o‘g‘lida (tana harorati ko‘tarilgan va Bekobod tumanidagi shifoxonaga yotqizilgan), Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko‘tarilgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infeksiya aniqlangan.

Bugun ayni paytga qadar kasallik aniqlangan 15 nafar bemordan 9 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, ular orasida Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Hozirda paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.