TOShKENT, 18-iyun — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 92 kishida koronavirus aniqlandi, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 5730 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanishlar: 23 nafari — karantin markazidagi (Rossiya, BAA va Qozog‘istondan kelgan) fuqarolar orasida, 6 nafari — Qashqadaryoda (5 nafari poytaxtdagi "O‘rikzor" bozorida yuk tashuvchi bo‘lib ishlab, kasallik yuqtirgan shaxs bilan muloqotda bo‘lgan, 1 nafari aholi orasida), 2 nafari — Toshkent viloyati, 1 nafari — Sirdaryo hududiga kirgan xalqaro yuk tashuvchi haydovchida, 1 nafari — poytaxtda aholi orasida qayd etilgan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 35 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Jami sog‘ayganlar soni 4166 nafar.
Ayni paytda 1545 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanish soni nega ko‘paymoqda
O‘zbekiston SSV huzuridagi Respublika o‘lat, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar muhofazasi markazi vabo laboratoriyasi mudiri Ma’rufjon Madaminov epidemiologik vaziyatning yomonlashishiga qator karantin choralarining yengillashtirilgani sabab bo‘ldi deb hisoblaydi. Bir necha kun oldin qator faoliyatlarga ruxsat berildi va transport harakati o‘z ishini boshladi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, 50 foizdan 70 foizgacha koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati xorijdan charter reys bilan olib kelingan va karantin markazidagi fuqarolarda aniqlangan.
Virusologning to‘liq izohi.
Tojikistonga parvozlar
Tojikiston 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan xalqaro aviaqatnovlarni qayta tiklaydi.
Tojikistonning “Xovar” Milliy axborot agentligi xabar qilishicha, respublika shtabi qaroriga muvofiq, 1-iyuldan Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston Respublikasi shaharlari yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro aviaqatnovlar ochiq bo‘ladi. Barcha yo‘lovchilar salomatligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari shart.
Tergovchi va VM xodimida koronavirus
Vazirlar Mahkamasining 2 nafar xodimida; “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJning 2 nafar mutaxassisida; Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida; Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda; Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida; Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisi va uning o‘g‘lida; Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroda; Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infeksiya aniqlangan.
Dunyo salomatligi
COVID-19 dunyoning 188 ta davlatiga yetib bordi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 8,3 milliondan oshdi, 448 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQSh (2,1 mln), Braziliya (955 ming), Rossiya (552 ming).