Milliarder Fattoh Shodiyev fondi O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam ko‘rsatdi

Xalqaro Shodiyev fondi (ICF) Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga tibbiyot asboblari va shifokorlar uchun shaxsiy himoya vositalarini taqdim etdi.
Sputnik

TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Milliarder Fattoh Shodiyev fondi Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga tibbiyot jihozlari va shifokorlar uchun shaxsiy himoya vositalarini taqdim etdi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Insonparvarlik yuki global pandemiya sharoitida O‘zbekiston aholisini qo‘llab-quvvatlashga oid fond loyihasi doirasida yetkazib berilgan.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyevning so‘zlariga ko‘ra, ICF tomonidan xarid qilingan tibbiyot jihozlari va shaxsiy himoya vositalari muassasa mutaxassislariga sezilarli darajada ko‘mak bo‘ladi.

Milliarder Shodiyev: O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalarim ko‘p, nasib qilsa amalga oshiraman

“Shifokorlarimiz har bir kasallangan shaxs tezroq sog‘-salomat yaqinlariga bag‘riga qaytishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Umumiy sa’y-harakatlarmiz bilan pandamiyani yengishga harakat qilyapmiz, bunday xayriya yordami biz uchun katta madad hisoblanadi”, - dedi u.

Qo‘llab-quvvatlash dasturining birinchi bosqichi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan edi. U mamlakat bo‘ylab barcha keksa yoshdagilar va kam ta’minlangan oilalarni oziq-ovqat mahsulotlari va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlashni o‘z ichiga olgan edi. Shuningdek, fond Sirdaryodagi toshqindan jabr ko‘rganlarga ham yordam ko‘rsatgan.