Rossiyada migrantlar bugundan patent rasmiylashtirishi zarur

Ilgari 15-martdan 15-iyunga qadar patentga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar ushbu muddat davomida patent rasmiylashtirmasdan yoki uni to‘lamasdan ishlari mumkin edi.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat hududida chet el fuqarolarining qonuniy bo‘lishiga doir  18-apreldagi farmoniga o‘zgartirishlar kiritdi.

Rossiya prezidentining 2020-yil 15-iyundagi 392-sonli farmoni bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bugundan, ya’ni 16-iyundan boshlab Rossiyada chet el fuqarolarining ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma, shu jumladan, patent rasmiylashtirish talab etiladi. Ilgari 15-martdan 15-iyunga qadar ish beruvchilarga migrantlarni patentsiz ishga qabul qilish huquqi berilgan edi.

Shuningdek, farmon bilan:

  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyada vaqtincha bo‘lish, vaqtincha yoki doimiy yashash, yashash joyida ro‘yxatda turish muddatlari 2020-yilning 15-sentabrgacha tugashi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu muddatlarni tugatmaslik;
  • Rossiyadan ma’muriy tartibda chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatdan ixtiyoriy chiqib ketish, deportatsiya qilish muddatlarini 2020-yilning 15-sentabriga qadar uzaytirish belgilangan.