Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olmoqda – prezident

Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Tadbir avvalida davlat rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, oxirgi paytda mamlakatda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi o‘rtasida ham ko‘plab ro‘y berayotganiga e’tibor qaratdi. 

Jumladan, Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma’lumligicha qolmoqda. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.

“Bularning barchasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini ko‘rsatib turibdi. Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushorlik va mas’uliyatni o‘n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta o‘ylab, nafaqat o‘zimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha sa’y-harakatlarimiz yo‘qqa chiqishi hech gap emas”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning ishonchi komilki, ancha bilim va tajriba orttirgan, bag‘rikeng va matonatli o‘zbek xalqi bu bosqichdan ham, albatta, munosib o‘tadi.

Koronavirus Markaziy Osiyoda: O‘zbekiston aniqlangan holat bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqdi

Respublika maxsus komissiyasiga o‘z faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Aholiga xizmat ko‘rsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus bo‘yicha muntazam testdan o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.  

O‘zbekistonda 16-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra 5328 ta koronavirus holat qayd etilgan. 4019 nafar bemor tuzalib ketgan. 19 ta o‘lim holati kuzatilgan.