Gulnora Karimova ishi: Parijdagi mulk sotuvidan tushgan 10 mln $ budjetga o‘tkazildi

Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mablag‘lar budjetga o‘tkazilmoqda - Adliya vazirligi.
Sputnik

TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Gulnora Karimovaning Parijdagi mulki sotuvidan tushgan 10 mln dollar budjetga o‘tkazildi. Bu haqda bugun AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda  Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva axborot berdi.

O‘zbekiston hukumati Fransiyadan Gulnora Karimovaga tegishli 10 mln $lik aktivlarni qaytardi

“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14-may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilganidan xabardorsiz.

Shu bilan birga, qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik da’vosi bo‘yicha Parij shahri sudining 2019-yil 29-iyundagi qarori ijrosi doirasida musodara qilingan Parij shahri Marashal Manuri ko‘chasidagi “Triplex” turar joy majmuasida joylashgan ko‘chmas mulkni sotishdan kelib tushgan", - dedi Adliya vazirligi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

"Alohida ta’kidlash lozimki, mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi. Jumladan, Fransiyadan qaytarilgan mablag‘lar sarf qilinishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar va ularning amalga oshirilish jarayoni haqida shaffof ma’lumotlar keng jamoatchilikka muntazam va davriy taqdim qilib borilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Moliya vazirligining mutasaddi vakilining chiqishida batafsil to‘xtalib o‘tiladi”, - dedi Adliya vazirligi vakili.