TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatiga joriy yilning 1-avgustidan boshlab ruxsat beriladi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.
Bu qaror tarbiyalanuvchilarni qabul qilishga puxta tayyorlash, shu jumladan sanitariya-gigiyenik qoidalar va xavfsizlik choralarini to‘liq ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Shu bilan birgalikda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish to‘g‘risidagi cheklov bekor qilindi.
Qo‘yilgan talablar:
- bog‘cha binolari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinadi, ularga kirish-chiqish joylari pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shaklar” bilan jihozlanadi;
- xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopdan foydalanadi va ijtimoiy masofani saqlaydi;
- tana harorati 37*S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilar mashg‘ulotlarga kiritilmaydi.