TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Yangi o‘quv yilidan O‘zMU, SamDU va UrDUda matematik injiniring ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi. Bu haqda Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020-yil 7-maydagi qarori vazifalari yuzasidan respublika sanoat ishlab chiqarish korxonalarining texnik-texnologik masalalari yechimini matematik usullar va modellashtirish orqali hal etishga qodir bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagi universitetlarda "Matematik injiniring (ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha)" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash boshlanadi:
- O‘zbekiston Milliy universiteti;
- Samarqand davlat universiteti;
- Urganch davlat universiteti.
Mazkur yo‘nalish bitiruvchilariga "muhandis-matematik" va "matematika-mexanika o‘qituvchisi" qo‘sh (dual) kvalifikatsiyalari beriladi.