Navoiyda yirik shamol elektr stansiyasi quriladi

Birlashgan Arab Amirliklarining "Masdar Energy" kompaniyasi O‘zbekistonda yirik shamol elektr stansiyasi quradi.
Sputnik

TOShKENT, 9-iyun - Sputnik. Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida 500 Mvt quvvatga ega bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quriladi. Bu haqida O‘zbekiston Milliy Elektr tarmoqlari xabar qilmoqda. 

"Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida "Quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish" loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati hamda Birlashgan Arab Amirliklarining "Masdar Energy" kompaniyasi o‘rtasida bitim imzolandi", - deyilgan xabarda.  

Mamlakatimizdagi karantin tadbirlariga muvofiq mazkur bitim imzolash marosimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri videomuloqot orqali onlayn shaklidan o‘tkazildi.

Ushbu investitsion loyihaning umumiy qiymati 825 mln. AQSh dollari hisobida baholangan bo‘lib, u Investor tomonidan 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, imzolangan bitimning "Elektr energiyasini sotib olish shartnomasi" shartlariga ko‘ra ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiya resurslari "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan yagona xaridor sifatida qabul qilinib, O‘zbekiston elektr energetika umumtizimi orqali iste’molchilarga yetkazib beriladi.