TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. Toshkent viloyatida ikki yigitning kelishmovchiligi pichoqbozlik bilan yakunlandi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hodisa 03-iyun kuni soat 23:30 da Angren shahar Ohangaron ko‘chasida joylashgan “Al-Aziz” kafesi oldida joylashgan avtobus bekati atrofida sodir bo‘lgan. 21 yoshli S.M. va uning tengdoshi va tanishi A.O. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shunda M.S. o‘zi bilan birga olib kelgan oshxona pichog‘i bilan O.A.ning o‘ng biqin sohasiga bir marotaba zarb bilan urgan.
Natijada O.A. olgan tan jarohatlari bilan Angren shahar markaziy shifxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. S.M. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.