Zoologlar kemiruvchilarning “Sardoba” to‘g‘oni o‘pirilishiga ta’sirini o‘rgandi

Zoologiya instituti mutaxassislari kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyati Sardoba suv ombori to‘g‘oni holatiga ta’sirini aniqlash maqsadida tekshiruv o‘tkazdilar.
Sputnik

TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston FA Zoologiya instituti zoolog mutaxassislari Sardoba suv omborida ilmiy safarda bo‘ldilar.

"Sardoba" ishi bo‘yicha ikki kishi qamoqqa olindi - Bosh prokuratura

“Safarning maqsadi yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatini Sardoba suv ombori to‘g‘oni holatiga ta’sirini aniqlash edi.

Ish jarayonida guruh tomonidan to‘g‘on yonbag‘rining 7 bo‘limi, to‘g‘onning yuqori qismidan esa 31-piketdan 197-piketgacha tekshiruvlar o‘tkazildi. Bu hududlarda ochilib qolgan loy uyumlari va cho‘kmalar kuzatildi. Tekshiruvlar muhandis E.Kayumov ishtirokida o‘tkazildi.

To‘g‘on yonbag‘rining 3 bo‘limida oddiy ko‘rsichqonning ochilib yo‘qolgan yo‘llari topildi. To‘g‘onning yuqori qismida esa Tamarisk qumsichqonining inlari qayd etildi. Nishablik bo‘limlardan birining asosida tulki ini topildi.

Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu kemiruvchilar hamda tulkilar ko‘p sonda emas va to‘g‘onning yaxlitligiga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi. FA Zoologiya instituti mutaxassislari ushbu masala yuzasidan zarur tavsiyalar berishdi”, - deyilgan xabarda.