TOShKENT, 5-iyun - Sputnik. O‘zbekistonga uchayotgan xorijiy mamlakatlar havo kemalari o‘z yo‘lovchilari bo‘yicha dastlabki ma’lumotni taqdim etish tartibi belgilandi deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi.
Yangi tartibga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab xorijiy aviakompaniyalar yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni O‘zbekiston DXXning Chegara qo‘shinlariga taqdim etishi shart.
"2020 yilning 1-iyul kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga parvozlarni amalga oshirayotgan xorijiy mamlakatlar havo kemalarining barcha ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar IKAOning standart formatida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga taqdim etiladi", - deyilgan xabarda.
Ushbu tartibni joriy etish O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga xorijiy mamlakatlarning havo kemalari ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar bo‘yicha dastlabki ma’lumot taqdim etilishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 293-sonli Qarorida belgilangan.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, mazkur tartibning joriy etilishi xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlari, bo‘lishlari va respublika hududidan chiqib ketishlarida qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.