Sinoptiklar O‘zbekistonda jazirama yozni prognoz qilmoqda

2020 yil yozda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonda, Qozog‘istonning janubiy, g‘arbiy, sharqiy mintaqalarida 40% ehtimol bilan harorat fonning meyordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Bu yil bahorning oxiri O‘zbekistonda juda issiq keldi, deya yozadi O‘zgidromet. Mayning oxirgi haftasida havo harorati 26-38 darajagacha, janubda 40 darajagacha ko‘tarildi.

Eng yuqori haroratlar Qaraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatildi, bu hududlarda havo 40-42 daraja, cho‘l zonasida ayrim joylarda 43-44 darajagacha qizidi. Bu may uchun xos bo‘lgan ko‘rsatkichlardan 5-7 darajaga, shimolda 8-10 darajaga yuqoridir.

O‘zbekistonning shimolida yangi harorat rekordlari o‘rnatildi. Qaraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ko‘pchilik meteorologik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra bu yilgi may oyining oxirida qayd etilgan bunday yuqori oylik harorat avval kuzatilmagan.

Respublikaning ko‘pgina mintaqalarida ayrim kunlarda kunlik harorat maksimumlari qayd etildi.

Bu yil issiq erta boshlangani sababli ko‘pchilikni yozda harorat qanday bo‘ladi degan savol qiziqtirmoqda.

Yoz fasli uchun aniq ob-havo prognozlarini hech kim bermaydi va bu sinoptiklarning “yomon” ishlashi bilan bog‘liq emas. Shunchaki butun iqlimiy tizim xaotik bo‘lib, uzoq muddatga aniq pronozlar berishning imkoni yo‘q.

So‘nggi 16-yillik jazirama ob-havo rekordi yangilandi – O‘zgidromet

Bugungi kunda tayyorlanayotgan mavsumiy prognozlar taxminiy tavsifga ega va umuman olganda mavsumga baho berish uchun foydalaniladi va “bu davrda o‘rtacha harorat meyordan yuqori yoki past bo‘ladi, yoqqan yog‘inlar miqdori ham meyordan ko‘proq yoki kamroq bo‘ladi” degan ko‘rinishda bo‘ladi.

Bu yil mavsumiy prognozlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan Jahon ob-havo markazlari ma’lumotlariga ko‘ra kirib kelgan yozda sayyoramizning katta qismida haroratning musbat anomaliyasi (ya’ni meyordan yuqori harorat) bilan bog‘liq sirkulyatsiya rejimlarining ustun kelishi kutilmoqda.

O‘zgidromet Shimoliy Yevroosiyo iqlimiy markaziga a’zolik doirasida mavsumiy prognozlar tayyorlashda ishtirok etadi. Har yili qish va oz mavsumlari boshlanishidan oldin ushbu markazda mintaqadagi barcha gimdrometxizmatlar mutaxassislarining forumlari o‘tkaziladi. Ushbu forumlarda butun Shimoliy Yevroosiyo hududi bo‘yicha kirib kelayotgan qishki yoki yozgi mavsumlar uchun prognozlar ishlab chiqiladi.

Bunday prognozlar eng zamonaviy iqlimiy ma’lumotlar va prognostik mahsulotlar tahliliga asoslanib, unda barcha ishtirokchi davlatlar vakillarining fikrlari e’tiborga olinadi. Shu bois prognoz konsensus (maslahatlashish jarayonida kelishilgan) prognoz deb yuritiladi.

Bu yil yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli Shimoliy Yevroosiyo iqlimiy markazining forumi 19-20 may kunlari onlayn rejimda o‘tkazildi.

“Konsensus prognozga ko‘ra 2020-yil yozda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonda, Qozog‘istonning janubiy, g‘arbiy, sharqiy mintaqalarida 40% ehtimol bilan harorat fonning meyordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda”, - deyilgan xabarda.

Agar umumiy tendensiyalar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, yozning issiq bo‘lishi to‘g‘risidagi prognoz hozirda biz kuzatayotgan vaziyatni tasdiqlamoqda. Oxirgi yillarda global isish tendensiyasining davom etishi munosabati bilan issiqlik to‘lqinlarining soni va jadalligi ortib bormoqda. O‘tgan 2019-yil tarixda eng issiq yillar ichida 2016-yildan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

Yaqinda o‘tgan barcha yillar ham butun asbob-uskunalar bilan kuzatuv davri uchun eng issiq top-5 yoki top-10 ga kirgan.

Markaziy Osiyoda yozda anomal jazirama bo‘ladi - iqlimshunoslar bashorati

“Bu yilgi yoz ushbu qatorga kirmaydi deb taxmin qilishga hech qanday asos yo‘q. Shuning uchun bu yilgi yoz issiq bo‘lishi ehtimolga yaqin, biroq iqlimiy tizim xususiyatlarini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu 100 foizli prognoz emas”, - deya qayd etgan O‘zgidromet.

Bundan tashqari o‘rtachalashtirilgan umumiy tavsif mavsum davomida qanday muayan harorat qiymatlari kuzatilishi to‘g‘risida tasavvur bermaydi. Yozning uch oyi davomida issiq haroratning sustlashishi, yoki bir oy juda issiq bo‘lib, qolgan ikki oy davomida harorat meyorga yaqin bo‘lishi mumkin.

Aholining katta qismi uchun ko‘proq tushunarli bo‘lgan prognozlar har kuni O‘zgidromet tomonidan 6 kun barvaqtlik bilan tayyorlanadi. Hozircha yozning birinchi haftasida kutilayotgan ob-havo to‘g‘risida gapirish mumkin.

Ish haftasi davomida harorat ko‘tarilib, 38-40 darajaga, mamlakat janubi va cho‘l zonasida ayrim joylarda 43 darajagacha yetadi. Dam olish kunlari harorat biroz pasayadi.