Birinchi xonim bolalarni bayram bilan tabrikladi

“Zamin” fondi, jismoniy holatidan qat’i nazar, barcha bolajonlarga quvonch ulashishga tayyor. Zero, siz ko‘zimiz quvonchi, bizning ertamiz va hayotimiz mazmunisiz!”, - deyilgan tabrikda.
Sputnik

TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. O‘zbekiston birinchi xonimi, “Zamin” fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva bolalarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni muborakbod etdi.

“Aziz bolajonlar! Sizlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tabriklayman! O‘zbekistonimizning har bir o‘g‘il-qizi tinch-osuda yurtda, ota-onasi bag‘rida, jismu joni salomat bo‘lib ulg‘ayishini tilayman”, - deyiladi tabrikda.

Ziroat Mirziyoyeva bugungi kunda dunyo bolalari kattalar qatori asosiy vaqtini uyda o‘tkazishga majburligi ta’kidlagan. Ayni o‘ynab, harakat qiladigan yoshda bu oson emas, albatta. Biroq vaziyat shuni taqozo etmoqda.

“O‘g‘il-qizlarim. Tashqi olam bilan bog‘lanish imkoni cheklangan bo‘lsada, sizning imkoniyatingiz cheklanmagan! Uyda ham badiiy asar mutolaa qilib, orzu-o‘ylaringizni tasvir yoki musiqada ifodalab, qo‘shimcha fanlar, xorijiy tillar, shuningdek, ona Zaminimizni o‘rganishingiz, internet orqali bilim va tafakkuringizni kengaytirishingiz mumkin”, - deya qo‘shimcha qilgan Mirziyoyeva.

Qayd etilishicha, “Zamin” fondi Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta’limni rivojlantirish dasturini taqdim etmoqda. Loyiha doirasida maxsus maktablarni zamonaviy yordamchi uskunalar bilan jihozlash, o‘qitish usullarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Eng asosiysi, muntazam ravishda jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan o‘quvchilarning eshitish qobiliyatini tiklash ustida ish olib boriladi.

“Zamin” fondi, jismoniy holatidan qat’i nazar, barcha bolajonlarga quvonch ulashishga tayyor. Zero, siz ko‘zimiz quvonchi, bizning ertamiz va hayotimiz mazmunisiz!”, - deya yakunlangan tabrik.

1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni!