TOShKENT, 30-may - Sputnik. O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab viloyatlararo avtobuslar qatnoviga ruxsat beriladi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axborotida aytib o‘tilgan.
""Yashil" hududlarda joylashgan sanatoriy, pansionat, bolalar oromgohlari va boshqa dam olish maskanlariga fuqarolarni markazlashtirilgan tartibda tashish uchun viloyatlararo avtobuslar, shu jumladan turistik tashkilotlar avtobuslari qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berildi", - deyiladi xabarda.
Bunda avtobuslarda haydovchi va yo‘lovchilar tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi lozimligi, shuningdek, ularning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning avtobus saloniga chiqarilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Avtobuslar viloyatlararo qatnovlarda "qizil" hududlarda to‘xtamagan holda harakatlanadi va doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi.
Avtobuslarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning reyslar kesimidagi ro‘yxati (bazasi) yuritiladi.