TOShKENT, 29-may - Sputnik. MDHga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari Kengashining (HRK) navbatdagi yig‘ilishi 6-noyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi, deya xabar beradi RIA Novosti Belarus Vazirlar Kengashi matbuot xizmatiga tayanib.
"MDH HRKning navbatdagi yig‘ilishi 6-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi", - dedi matbuot hizmati vakili.
Bu Hamdo‘stlik mamlakatlari hukumat rahbarlarining video-konferensiya tarzida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvida ma’lum bo‘ldi. Muhokama ishtirokchilari MDHning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy rivojlanish Strategiyasi loyihasini qabul qildilar. Hujjatda Hamdo‘stlik mamlakatlarining iqtisodiy sohadagi davlatlararo hamkorlik mexanizmlarning maqsadlari, asosiy vazifalari, hamkorlik yo‘nalishlariga nisbatan kelishilgan yondashuvlari aks ettirilgan.
Bundan tashqari, hukumat rahbarlari transport, qurilish, energetika, shuningdek, ta’lim, sayyohlik, sport, madaniyat, yoshlar hamkorligi va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlarga imzo chekdilar.
Bugun Rossiya va O‘zbekiston bosh vazirlari Mixail Mishustin va Abdulla Aripov o‘rtasida telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy sohalardagi Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining bir qator dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, bosh vazirlar ikki va ko‘p tomonlama muloqotlar jadvali haqida ham fikr almashdi.