Jonli ijroda konsert beradigan san’atkorlar 50 % ijara imtiyoziga ega bo‘ladi

Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 28-may — Sputnik. “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

  • konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;
  • konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘im bekor qilinadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining tashabbuslari bilan o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalari asosida o‘tkaziladi;
  • Prezident, Hukumat va hokimning davlat tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qarorlarida ushbu tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar buyurtmachilari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatiladi;
  • davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar xizmat ko‘rsatganda yozma va haq evaziga shartnoma tuziladi (konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat muassasalari xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno).

Tadbirlarga ijodkorlarni jamoatchilik asosida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi

Farmonga muvofiq, Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2020 yil 1-sentabrdan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan chop etiladi va ular ta’lim muassasalariga to‘liq yetkaziladi.