O‘zbekiston Tojikistonga 24 tonna dori-darmon yubordi

O‘zbekiston Tojikistonga insonparvarlik yordamining navbatdagi partiyasini jo‘natdi. Yordam 24 tonnalik yuk dori-darmonlar, asosan antibiotiklardan iborat.
Sputnik

TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Dushanbega navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda TojikTA xabar qilmoqda.

Tojikistonda COVID-19ga qarshi kurashgan shifokorlar uyga qaytdi

“Bu safar 24 tonnalik yuk dori-darmonlardan, asosan antibiotiklardan iborat. O‘zbekiston hukumati tomonidan Dushanbega taqdim etilgan yordam shahar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmasiga berildi”, - deyilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali tegishli shahar tuzilmalariga koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun olingan dori-darmonlar maqsadga muvofiq ishlatilishini qat’iy nazoratga olish haqida topshiriq bergan.

Eslatib o‘tamiz, 9-aprel kuni O‘zbekiston Tojikistonga dori-darmon, oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan 18 ta temiryo‘l vagonini jo‘natgan edi. Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan 8-may kuni 8 nafar o‘zbekistonlik virusolog va 10 tonna tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan 10 ta sun’iy nafas oldirish apparati Dushanbega yetkazildi. 9-may kuni esa Tojikistonga 144ta tibbiy konteyner yuborildi.