VIP-aferistlar: Jizzaxda bank amaldorlari fermerlar pullarini o‘mardi

Bosh prokuratura departamenti Do‘stlik filiali qo‘li qing‘ir bank rahbarlarining jinoyatini fosh etdi. Bank rahbarlari bankka o‘z pullarini ishonib qo‘ygan fermerlar pullarini talon-taroj qilganligi aniqlangan
Sputnik

TOShKENT, 26-may - Sputnik. O‘zbekistonliklar hisob raqamlaridagi pullar ortidan nafaqat firibgarlar, balki bankning mansabdor shaxslari ham "ov" uyushtirishi mumkin ekan. Xususan, "Agrobank" mansabdor shaxslari Jizzaxning Do‘stlik tumanidagi ikkita fermer xo‘jaliklari rahbarlarini ularning xabarisiz pulsiz qoldirdilar.

O‘zbekistonliklarni 340 ming $ ga chuv tushirgan firibgarlar ishi sudga oshiriladi

Bosh prokuratura taqdim etgan xabarga ko‘ra, Prokuratura departamentining Do‘stlik tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB "Agrobank" Do‘stlik filiali mansabdor shaxslari "A-f." va "N-m." fermer xo‘jaliklari rahbarlarining xabardorligisiz, hisob raqamlaridagi jami 105,2 mln so‘m pul mablag‘larini o‘margani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, bank rahbarlari to‘lov topshiriqnomalarisiz "ko‘rsatilgan texnika xizmatlari uchun" hamda "qoplanmagan kredit mablag‘larini qoplash uchun" mazmunida boshqa fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlariga o‘tkazib, so‘ngra ushbu pul mablag‘larini o‘zlashtirganlar va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj ishlarini amalga oshirganlar.

Mazkur holat yuzasidan ATB "Agrobank" Do‘stlik filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.