Rossiyada G‘alaba paradi 24-iyun kuni bo‘lib o‘tadi

Rossiya prezidenti Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlangan parad 24-iyun kuni o‘tkazilishini e’lon qildi.
Sputnik

TOShKENT, 26-may — Sputnik. Moskvada Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlangan parad 24-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.

Moskvada G‘alaba paradi repetitsiyasi bo‘lib o‘tdi

“Biz buni 24-iyun kuni, 1945-yilda g‘oliblarning afsonaviy, tarixiy paradi bo‘lgan kun, Qizil maydon bo‘ylab Moskva yaqinida jang qilgan va Leningradni himoya qilgan, Stalingrad yaqinida kurashgan, Yevropani ozod qilgan, Berlinni hujum qilib qo‘lga olgan jangchilar o‘tgan kuni qilamiz”, - deya farmon berdi Putin Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu bilan uchrashuv yakunida.

Putin Shoyguga ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Shuningdek, unga paradga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda eng qat’iy talablarga rioya qilish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, Rossiya yetakchisi “O‘lmas polkni” 26-iyul kuni o‘tkazishni taklif qildi. Biroq u mutaxassislar tavsiyasi bilan boshqa kunga ko‘chirilishi ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, G‘alaba paradi 9-may kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab boshqa kunga ko‘chirilgan edi.