Janubiy Koreyaga o‘zbek gilosining navbatdagi partiyasi yetkazildi

O‘zbekistonda yetishtirilgan 17,8 tonna gilos Janubiy Koreyada ulgurji va chakana savdo tarmoqlari orqali tarqatiladi.
Sputnik

TOShKENT, 25-may — Sputnik. Janubiy Koreyaning Inchon shahriga O‘zbekistonda yetishtirilgan 17,8 tonna miqdoridagi gilosning navbatdagi partiyasi yetkazildi.

“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, Gold Dried Fruits Export kompaniyasi tomonidan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan yuk Janubiy Koreyadagi hamkor – NK GlobalNet Co., Ltd.kompaniyasiga yetkazilgan.

O‘zbek giloslari Janubiy Koreyada ulgurji va chakana savdo tarmoqlari orqali tarqatiladi. Dastlabki jo‘natma Koreya Respublikasiga joriy yil 15-may kuni olib borilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek gilosining ilk partiyasi Rossiyaga muvaffaqiyatli eksport qilingani va u Rossiya bozorlarida sotila boshlangani xabar qilingan edi.