TOShKENT, 25-may — Sputnik. Avval ogohlantirilganliklariga qaramasdan Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida Samara viloyatida to‘planishda davom etmoqda.
TIV matbuot xizmati 18 va 19-may kunlari Rossiya-Qozog‘iston chegarasi orqali vatandoshlarning O‘zbekistonga olib ketilishi istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalarning avvaldan shakllantirgan ro‘yxati asnosida Rossiya va Qozog‘iston tomonlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilganini eslatib o‘tgan. Ta’kidlanishicha, qo‘shimcha ro‘yxatlar tuzilishi ko‘zda tutilmagan.
Xabarda yozilishicha, ogohlantirishlarga qaramay, yana 280 nafarga yaqin fuqarolar Rossiya-Qozog‘iston chegarasi oldida to‘plangan.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulligi ma’lumotiga ko‘ra, Samara viloyati Hukumati ushbu fuqarolarni sanoat obyektlarida ish, yotoq joy va oziq-ovqat bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgan.
Ammo to‘planganlardan faqat 25 tasi ushbu taklifni qabul qilgan bo‘lsa, qolganlari hamon Bolshaya Chernigovka tumani hududida qolmoqda.
Ishga joylashishni istamagan va chegara yaqinida qolayotganlardan o‘zlarining vaqtincha/doimiy yashash joylariga qaytishlari hamda charter reyslarini kutishlari so‘ralgan.
“Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga borishga urinmasliklarini, yashash joylarida qolishlarini va karantin choralariga qat’iy amal qilishlarini so‘raymiz”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasida to‘plangan jami 1100 nafar O‘zbekiston fuqarolari istisno tariqasida vatanga olib kelingan edi. TIV qo‘shimcha ro‘yxat tuzish ko‘zda tutilmagani va fuqarolardan chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklari, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘ragan edi.