TOShKENT, 25-may — Sputnik. Qoraqalpog‘istonda odam savdosi jinoyatining oldi olindi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 19-may kuni 43 yoshli M.P. Beruniy tumani IIB ga ariza bilan murojaat qilib, unda To‘rtko‘l tumanida yashovchi “Qunduz” ismli ayol noqonuniy ravishda o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lib yurganligini bayon qilgan.
Ushbu arizasiga asosan shu kuni soat 21:00 da o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida To‘rtko‘l tumanida joylashgan uyda ijarada yashab kelayotgan 38 yoshli Qunduz K. o‘zining ikkinchi farzandi, voyaga yetmagan 13 yoshli D.O.ni fuqaro S.E.,ga 15 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Hodisa sodir bo‘lgan joydan kimoviy ishlov berilgan 400 dollar hamda qolgan 14 600 dollar miqdoridagi pullar aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida o‘rnatilgan tartibda olingan.
Holat yuzasidan jinoyatchiga nisbatan O‘zbekiston JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.