“Hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi” —Mirziyoyev tadbirkor mulkini olib qo‘yish haqida

Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Sputnik

TOShKENT, 20-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Yig‘ilishda tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi.

“Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qo‘yilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi”, — dedi davlat rahbari.

Mutasaddi idoralarga mulk daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mulkni kompensatsiya qilish bo‘yicha tadbirkorlar foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mirziyoyev: birorta ham tadbirkorni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz

Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari to‘g‘risida hukumatga ma’lumot kiritib boradi.

Vazirlar mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan yetarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqadi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.