TOShKENT, 19-may - Sputnik. O‘zbekiston Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, 2020-yil boshida qonuniy maoshlar miqdori sezilarli darajada oshgan. Bunga o‘tgan yili soliq qonunchiligiga kiritilgan bir qator o‘zgarishlar sabab bo‘lgan.
"Soliq solishning yassi stavkasining joriy etilishi, davlat ulushi 50 foiz va undan uqori bo‘lgan korxonalar uchun ijtimoiy soliqning 25 foizdan 12 foizga pasaytirilishi, shuningdek eng kam ish haqining oshirilishi legal sektordagi mehnatga haq to‘lash fondini 37 foizga oshirishga turtki bo‘ldi", - deyilgan vazirlik xabarida.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 2019-yilning fevral oyida Respublika mehnatga haq to‘lash fondi 5857 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020-yil fevralida ushbu ko‘rsatgich 8041 mlrd. so‘mni tashkil qilgan.
Moliya vazirligi shuningdek, O‘zbekistonda nafaqat qonuniy maoshlar soni balkim ularning miqdori ham oshganini qayd etgan. Xususan, 2-4 mln. so‘m maosh oluvchilar miqdori 18% dan 21% gacha oshgan, 4 -5,5 mln. so‘m maosh oluvchilar miqdori 3,5 %dan 4,7 %gacha oshgan. 1 mln. so‘mgacha maosh oluvchilar miqdori esa 47% dan 41% gacha kamaygan.