TOShKENT, 19-may — Sputnik. Karantin choralari yumshatilgan so‘ng Toshkentda niqob taqib yurmaydigan soni oshdi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xabarda yozilishicha, koronavirusning tarqalishini oldini olish bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasi tomonidan karantin choralarini yumshatish bo‘yicha qaror qabul qilingach, fuqarolar sanitariya-epidemiologiya qoidalariga umuman rioya qilmay qo‘ygan.
“Natijada shahrimiz ko‘chalarida tibbiy niqob taqmagan yoki uni to‘g‘ri taqmasdan yurgan fuqarolarni uchratish mumkin”, - deyilgan xabarda.
16 may kuni Toshkentda jami 144, 17-may kuni esa 104 kishi jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurgani aniqlangan.
IIBB fuqarolardan o‘z salomatligi va atrofdagilarning xavfsizligi masalasiga jiddiy qarashni so‘rab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda 25-martdan jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan. Ushbu harakatni sodir etgan shaxs 1 mln 115 ming so‘m miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.