TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusdan yana bir bemor vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Xalqaro masofaga qatnashga mo‘ljallangan yuk avtomashina haydovchisi I. Rossiyadan Tojikiston orqali Surxondaryoga kirib kelgan. Asli sirdaryolik bo‘lgan ushbu fuqaroda ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechib, 5-may kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 ham aniqlangan.
Shu yilning 11-may kuni esa ahvoli yomonlashgach, koronavirusning og‘ir kechishi, ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniya og‘ir turi tashxisi bilan reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bo‘limda bemorga mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar asosida reanimatsion yordam ko‘rsatilgan.
Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor yurak qon-tomir va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.