TOShKENT, 17-may — Sputnik. Italiya hukumati 3-iyundan mamlakatga xorijliklarning kirishi hamda o‘z fuqarolarining chetga chiqishiga ruxsat berishni rejalashtirmoqda.
Ta’kidlanishicha, mintaqalar o‘rtasidagi harakatlanishga ham ruxsat beriladi. Shu bilan birga, ushbu mintaqalarda koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori bo‘lsa yana cheklov o‘rnatilishi mumkin. Muqobil qoidalar Italiyaga kiruvchilar uchun ham qo‘llaniladi.
Shuningdek, 18-maydan boshlab mamlakat aholisi uchun bir mintaqa ichida harakatlanishga ruxsat beriladi. Xuddi shu kundan boshlab Italiyada xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilga holda tijorat ishlariga ruxsat beriladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada koronavirus bilan bog‘liq 224,7 mingta holat aniqlangan. Shulardan 122,8 mingtadan ziyodi tuzalib ketgan. Qurbonlar soni 31 mingdan oshgan.
Yevropa mamlakatlari karantin choralarini yengillashtirmoqda
Kuni kecha Sloveniya mamlakatda koronavirus epidemiyasi o‘z nihoyasiga yetganini ma’lum qildi.
Yevropa ittifoqining ayrim mamlakatlari ikki tomonlama chegaralarni ochishga kirishdi. Masalan, Estoniya, Latviya va Litva fuqarolarning uchta respublika o‘rtasidagi harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovni olib tashladi.