"Sardoba" ishi bo‘yicha 170 nafar shaxs so‘roq qilingan - Bosh prokuratura

"Hozirgacha bu ish bo‘yicha 170 nafar shaxs so‘roq qilingan. Sudga oid qurilish ekspertizalari belgilangan", - dedi Shamsutdinov.
Sputnik

TOShKENT, 16-may - Sputnik. "Sardoba" to‘g‘oni o‘pirilishi yuzasidan 170 nafar shaxs so‘roq qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov Xalqaro press-klubning Sirdaryo viloyatidan "Sardoba-2020: sinov, birdamlik, mehnat, sifat" mavzuyidagi efiri davomida ma’lum qilgan.

Mirziyoyev Sardoba suv omborini qurish nega kerak bo‘lgani haqida gapirdi

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona olib borish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tashkil qilingan.

Jjinoyat ishi bo‘yicha tergov quyidagi asosiy tergov taxminlari oldinga surilib, tekshirilmoqda:

Birinchisi- loyihalashdagi xatoliklar;

Ikkinchisi - qurilish meyorlariga rioya etmaslik;

Uchinchisi - ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;

To‘rtinchisi - tabiiy ofat.

Tergov taxminlarini tekshirish maqsadida, dastlabki tergov davomida jami 170 nafardan ziyod shaxslar tergov guruhi a’zolari tomonidan guvoh tariqasida so‘roq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, uning qurilishi va ekspluatatsiya qilish jarayonlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar olingan.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni tong sahar Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi.

Sardoba falokatdan so‘ng - fotoreportaj

Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. 70 ta ijtimoiy obyekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yo‘l, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan. Tezkor chora-tadbirlar natijasida tumanlardagi 28 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.

Zarar ko‘rgan 4,5 mingga yaqin xonadon egalarining har biriga: 40 mln. so‘mlik moddiy yordam; televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.

Uy-joyi butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Ta’mirlanadigan va yangi quriladigan uylar davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi.

1 sentabrgacha odamlar yangi uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga to‘liq ko‘chib o‘tadi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi.

Uchta tumanda 1 ming 800 ga yaqin beton panelli kottejlar zamonaviy ta’mirlanib topshiriladi.