Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalari tatbiq etiladi

Ushbu qaror yo‘lovchilar yo‘nalishdan yo‘nalishga o‘tishida ortiqcha mablag‘ sarflamasliklari hamda avtomat to‘lov tizimini takomillashtirishga imkon beradi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may — Sputnik. “Toshshahartransxizmat” 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tadbiq etish bo‘yicha hukumat qarorini tayyorladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi yo‘lovchi tashishning yer usti transporti yo‘nalishlarini maqbullashtirish ishlari ketmoqda. Mazkur jarayonda asosiy e’tibor yo‘nalishlarni metro bekatlariga bog‘lash, magistral   yo‘nalishlar va ularga yo‘lovchilarni olib chiquvchi yordamchi yo‘nalishlar tarmog‘ini yaratishga qaratilgan.

Toshkentda 7 ta yangi transport yo‘nalishi ochiladi

“Ushbu o‘zgartirishlardan maqsad magistral yo‘nalishlar o‘tadigan ko‘chalardagi boshqa yo‘nalishlar sonini imkon darajasida kamaytirishdir. Bu birinchi navbatda yo‘nalishlarning bir birini takrorlamasligiga, qatnov muntazamligini ta’minlashga xizmat qiladi. Qolaversa, bo‘shagan avtobuslar hisobidan transport vositalari yetishmayotgan yo‘nalishlarni to‘ldirish imkonini beradi. Bu esa qatnov intervalini keskin qisqartirib, yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishlarining oldini oladi”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, muvofiqlashtirish jarayonida magistral va shahar markazida qatnovchi yo‘nalishlarga katta sig‘imli, yordamchi va shahar chetidagi yo‘nalishlarga esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda o‘rta va kichik sig‘imli avtobuslarni biriktirish rejalashtirilgan.

“Toshshaharxizmat” dastlabki o‘zgartirilgan avtobus yo‘nalishlarini e’lon qildi. Ular 11, 28, 46, 53 va 147-sonli avtobus yo‘nalishlari.