Sirdaryoda 4,5 mingdan ziyod oila 40 million so‘m va qimmatbaho sovg‘a oladi

Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, toshqindan zarar ko‘rganlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga 1-sentabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrushuv o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev suv omborida yuz bergan texnogen avariya juda katta sinov bo‘lganini, Hukumat komissiyasi tashkil etilib, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinganini yana bir bor qayd etdi.

Sirdaryoda 4,5 mingdan ziyod oila 40 million so‘m va qimmatbaho sovg‘a oladi

Prezident har soat, har daqiqa bu yerdagi ishlar holatini surishtirib turgani, telefon orqali hisobot olayotganini ma’lum qildi.

Aholining turmush sharoitlarini tiklash asosiy vazifa ekani, zararlangan uylarni ta’mirlash hamda yangi turar joylar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani ta’kidlandi.

“Ta’mirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi. Odamlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga 1-sentabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi”, – dedi prezident.

“Suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda”, - deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablag‘i ham shunga yo‘naltirilgan. Sirdaryo viloyatiga ko‘mak uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda tadbirkorlar ham yordam ko‘rsatgan.

Uchrashuvda qatnashgan sardobaliklarga tegishli sertifikat va bank kartochkalari tarqatildi.