Moliya vazirligi Qurilish vazirligining Land Cruiser 200 sotib olishiga e’tiroz bildirdi

Moliya vazirligi davlat moliyaviy mablag‘laridan foydalanishda oqilonalik, tejamkorlik va samaradorlik prinsiplariga amal qilish kerakligini eslatib qo‘ydi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may - Sputnik. O‘zbekiston moliya vazirligi Qurilish vazirligi tomonidan Toyota Land Cruiser 200 avtomobilini, istisno tariqasida,  tanlovlarsiz sotib olish haqidagi hujjat loyihasiga e’tiroz bildirdi. 

"Davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni, raqobat va xolislikni, asoslanganlikni, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligini ta’minlash davr talabi", - deyilgan Moliya vazirligining e’tiroznomasida.

Shuningdek, Moliya vazirligi prezidentning 2019-yil 13-avgustdagi PF-5780-sonli farmonining 27-bandida ko‘rsatilganidek, vazirlik va idoralarva mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlanganini eslatib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, Toyota Land Cruiser 200 rusumli yo‘ltanlamas avtomobilining narxi O‘zbekistonda o‘rtacha 1,5 mlrd so‘mdan boshlanadi.