Karantin davrida samolyot va poyezd yo‘lovchilariga qanday talablar qo‘yilgan

Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi haqida ma’lumot berildi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi haqida ma’lumot berdi.

Mazkur tartibga muvofiq yo‘lovchilarga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • reyslarga chiqish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar koronavirus infeksiyasiga test topshirishi lozim;
  • koronavirus test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi manfiy ekanligi haqidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lgan yo‘lovchilar reyslarga qo‘yiladi;

Shuningdek, barcha yo‘lovchilar aeroport va temir yo‘l vokzallari hududiga kirishdan oldin tana harorati o‘lchanadi. Tana harorati 37° S dan yuqori bo‘lmagan yo‘lovchilar dezinfektor yordamida zararsizlantiriladi hamda havo va temir yo‘l transportlariga bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarda kiritiladi.

Shaharlararo qatnovlar qachon ochilishi ma’lum bo‘ldi

Qayd etilishicha, tana harorati 37 ° S dan yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarga avia va temir yo‘l xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Bunday holatlarda yo‘lovchiga chipta puli belgilangan tartibda qaytarib beriladi.

Yo‘lovchilar aeroport va temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart.

Aeroport va temir yo‘l vokzallarida umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalarining faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘lovchilar savdo avtomatlaridan foydalanishlari mumkin.

Yo‘lovchilar havo kemalariga va temir yo‘l vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi. Avia va temir yo‘l qatnovlariga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 18-maydan boshlab mamlakat ichidagi avia va temir yo‘l harakati qisman tiklanishi xabar qilingan edi.