TOShKENT, 14-may - Sputnik. Gulnora Karimovaga tegishli 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar Fransiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
"O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14-may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarildi", - deyiladi xabarda.
Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi.
Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.
Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular G.Karimova (uning oila a’zolari)ning tasarrufida emas.
"Shu bois, muqaddam ayrim OAVlarda xabar berilganidek, O‘zbekistonga mulklar va mablag‘lar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi mulohazalar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", - deya ta’kidlanadi xabarda.
Gulnora Karimova 2015-yilning avgustida tovlamachilik va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun sudga tortilgan edi, 2017-yilning 18-dekabrida yana bir jinoiy ish doirasida G.Karimovaga o‘n yillik qamoq jazosi tayinlandi.
Joriy yil 18-mart kuni sud hukmi bilan G. Karimovaga 13-yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.